06-12-2019 | 12:13

“Netafim” kompaniyasi bilan hamkorlik

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan keng foydalanish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2018 yil 27 dekabrdagi PQ-4087-son qarori ijrosini ta'minlash, suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, yerlarning meliorativ holatini yanada yaxshilash, qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishda, ayniqsa paxta yetishtirishda suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish orqali ularning hosildorligini yanada oshirish maqsadida Isroilning “Netafim” kompaniyasi bilan hamkorlikda 81 gektar maydonga tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi.

Joriy yil tajribasi shuni ko‘rsatdiki, tuman tuproq-iqlim va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda Isroil kompaniyasi tomonidan ilmiy asoslangan agrotexnika qoidalari asosida ishlab chiqilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish natijasida nafaqat yuqori hosildorlikka, shuningdek tabiiy va mehnat resurslaridan samarali foydalanishga erishildi.

Ushbu yo‘nalishga kiritilgan investisiyalar o‘z samarasini berdi, ya'ni suv ta'minoti qiyin hamda unumdorligi past dalalarimizda hosildorlik o‘rtacha 25 sentnerdan 50 sentnerga oshirishga imkonini berdi. Yana bir qulaylik barcha agrotadbirlar “Netafim” kompaniyasi vakillari ko‘magida va hamkorligida amalga oshirildi hamda ular tomonidan klaster agronomlari va fermer xo‘jaliklari raxbarlari bilan malaka-tajriba almashish platformasi yaratildi.

Joriy yil natijalaridan kelib chiqib kelgusi yilda tomchilatib sug‘orish yerlarni 1000 gektarga yetkazish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Suv ta'minoti qiyin, xosildorligi past yerlar ro‘yxati aniqlanib, loyihalashtirish ishlari yakunlanmoqda. Shu yilning 24 oktyabr kuni “Netafim” kompaniyasi sotuv raxbari janob Ofer Ovid boshchiligida kompaniya delegasiya vakillari bilan Tashkent shaxrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv natijalariga ko‘ra keyingi yilgi loyihani amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” kelishib olindi.

 

O'zbekiston